Education

Ingliz tilini erta o‘rganmadim (classic xato)

Abituriyentlik davrimda asosiy e’tiborim matematika va fizikaga qaratilgan edi. 3 blok fanim ingliz tili bo‘lgan bo‘lsa da, men uni o‘zim uchun ikkinchi darajali deb hisoblaganman. O‘sha paytda…

A
asadbekme
May 18, 2026 · 2 min read
Cover image

Abituriyentlik davrimda asosiy e’tiborim matematika va fizikaga qaratilgan edi. 3-blok fanim ingliz tili bo‘lgan bo‘lsa-da, men uni o‘zim uchun ikkinchi darajali deb hisoblaganman. O‘sha paytda ingliz tili menga faqat imtihondagi bir fan bo‘lib tuyulardi. U hayotimni, fikrlash doiramni va kelajak imkoniyatlarimni qanchalik o‘zgartirishi mumkinligini anglamaganman.

Shu sababli unga jiddiy tayyorlanmadim. Natijada ikki fan bilan o‘qishga kirdim. Tashqaridan qaraganda hammasi joyida edi: universitet, talabalik, odatiy hayot. Lekin ichkarida boshqacha holat bor edi. Men o‘zimni rivojlantirishni xohlardim, nimanidir o‘rganishga harakat qilardim, ammo to‘g‘ri yo‘nalish yo‘q edi. Oradan 4 yil o‘tdi va orqaga qarab qarasam, o‘sha vaqtning katta qismi deyarli samarasiz ketganini tushundim.

Bu vaqt davomida men ko‘p narsani qila olardim. Eng katta afsuslardan biri — aynan ingliz tilini oldinroq o‘rganmaganligim.

Keyinchalik til o‘rganishga imkoniyat tug‘ildi va ma’lum darajada o‘rgandim. Ana shunda men bir narsani juda chuqur his qildim: ingliz tili — bu shunchaki til emas. Bu cheksiz bilimlar eshigi.

Bugun dunyodagi eng yaxshi kitoblar, kurslar, ilmiy maqolalar, texnologik yangiliklar, biznes tajribalari va zamonaviy fikrlarning katta qismi ingliz tilida mavjud. Ingliz tilini bilish — tarjimaga bog‘liq bo‘lmaslik, original manbadan o‘rganish, global dunyo bilan bir tilda gaplashish degani.

Har safar ingliz tili haqida gap ketganda, ichimdan bir fikr o‘tadi: “Eh, o‘sha vaqtida o‘rganganimda edi…”

Lekin vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Faqat undan saboq olish mumkin.

Bugun men bitta narsani aniq bilaman: imkoniyat kelishini kutish emas, imkoniyatga tayyor bo‘lish kerak. Ingliz tili esa aynan shunday tayyorgarliklardan biri.

Agar siz hali boshlamagan bo‘lsangiz — bugun boshlang. Erta bo‘lmaydi. Kech ham emas. Faqat boshlamaslik eng katta xato bo‘lishi mumkin.

Chunki bir kun kelib siz ham ortga qarab: “Koshki oldinroq boshlaganimda…” demasligingiz kerak.

Til o‘rganish — bu faqat yangi so‘zlar yodlash emas. Bu yangi dunyoga kirishdir.

—
23 viewsReport

Responses (0)

Sign in to leave a response.

Loading responses…